O‘zbekiston-Koreya: qishloq xo‘jaligida yangi hamkorlik loyihalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan manfaatli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Koreyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda qator muhim kelishuvlarga erishildi:
ℹJumladan, Koreya qishloq hududlari korporatsiyasining (KRC) Global loyihalar ofisi bosh direktori Kvon Yung-Jun bilan O‘zbekiston–KRC ishchi guruhini tashkil etish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tuproq unumdorligini oshirish va “aqlli” chorvachilik yo‘nalishlarida grant loyihalarini ishlab chiqish belgilandi. Tomonlar o‘rtasida Anglashuv memorandumi almashildi.
“Yashil iqlim jamg‘armasi” (GCF)ning Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasi departamenti direktori Tomas Erikson bilan agrar sohada iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun Jamg‘armaning grant mablag‘larini jalb qilishga kelishildi.
“KIDL Co., Ltd.” kompaniyasi rahbari Kim Jae Yong bilan Xorazm va Toshkent viloyatlarida zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil etish loyihasining joriy holati muhokama qilindi va uni jadallashtirish bo‘yicha choralar belgilab olindi.
“Sungshin L&P, Inc.” kompaniyasining xalqaro marketing departamenti direktori Erik Shin bilan meva-sabzavot mahsulotlarini Koreya bozoriga eksport qilish, shuningdek, Koreyaning dengiz mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga olib kirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
“Dankook International Cooperation on Agriculture” kompaniyasi prezidenti Li Dong Jin bilan agrar sohada zamonaviy bilimlarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida uzoq va qisqa muddatli o‘quv kurslari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimi almashildi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar, iqlimga mos texnologiyalar, investitsiyalar, zamonaviy issiqxona xo‘jaligi, agrar ta’lim va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram