O‘zbekiston tajribasi asosida Afg‘onistonda agroloyihalar rivojlantirilmoqda

Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishchi guruhi hamda mutaxassislari 25–27-iyul kunlari ushbu mamlakatda bo‘lib, amalga oshirilayotgan loyihalarni o‘rgandi.
Tashrif davomida Qo‘shtepa kanali atrofida o‘zlashtirilayotgan hududlarda mevali bog‘lar barpo etish, turli ekinlarni yetishtirish hamda qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan beg‘araz yetkazib berilgan “Durdona” navli mosh urug‘lari 10 gektar maydonga tajriba tariqasida ekilib, mahalliy dehqonlarga ekin parvarishi va agrotexnik tadbirlar bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘rganishlar davomida zamonaviy agrotexnika ko‘nikmalari, urug‘chilik tizimi va malakali mutaxassislar yetishmasligi kabi masalalar mavjudligi qayd etildi.
Shu bois, O‘zbekiston olimlari va mutaxassislari ishtirokida ko‘rgazmali tajriba maydonlari tashkil etish, mahalliy dehqonlarni amaliy o‘qitish va ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ilgari surilmoqda.
Rejaga ko‘ra, g‘alla, paxta va sholi yetishtirish bo‘yicha tashkil etiladigan tajriba maydonlarida ekishdan hosil yig‘imigacha bo‘lgan agrotexnik jarayonlar amaliy tarzda namoyish etiladi.
Mazkur tashabbuslar Afg‘oniston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bilan birga, O‘zbekistonning mintaqadagi ishonchli agrohamkor sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram