O‘zbekiston va Jazoir agrohamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi

Bugun qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jamila Ashur bilan uchrashuv o‘tkazdi.
ℹMuloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda agrar tarmoqqa investitsiyalarni jalb etishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha o‘zaro savdo almashinuvi hajmini oshirish, eksport-import aloqalarini faollashtirish va ikki mamlakat bozorlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
ℹ Shuningdek, yilqichilik va baliqchilik sohalarida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik ikki davlat agrar sohasi rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashi mumkinligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklari bildirildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram