O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi agrar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Bugun Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Rustam Nizomov hamda Koreya Respublikasining Xalqaro bog‘dorchilik tadqiqot instituti boshqaruv direktori Li Yon Bom o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida shakllanib borayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, agrar ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislarining bilim va kasbiy kompetensiyalarini muntazam ravishda rivojlantirish, malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish hamda ilmiy-amaliy ishlanmalarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar mutaxassislar va ekspertlarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, qo‘shma seminar, trening va malaka oshirish kurslarini o‘tkazish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikning huquqiy va tashkiliy asoslarini mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni izchil rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram