Oʻzbekiston va Xitoy agrar biotexnologiyalar sohasida strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Xitoy Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi Tamakichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Yang Aygo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida ikki mamlakat oʻrtasida agrar ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy agrotexnologiyalar yoʻnalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Markaz direktori Shodmon Namozov Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yuqori texnologiyalarga asoslangan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi.
Muzokaralar davomida tamaki genetik resurslarini almashish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, seleksiya ishlarini takomillashtirish, intellektual mulkni himoya qilish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi. Shuningdek, "Bir makon – bir yoʻl" tashabbusi doirasida Oʻzbekiston–Xitoy Qishloq xoʻjaligi sintetik biologiyasi boʻyicha qoʻshma laboratoriyasini tashkil etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Mazkur laboratoriya biosintez texnologiyalari, gen muhandisligi, funksional oʻsimlik komponentlarini yaratish, shoʻrlangan yerlarni biologik yaxshilash, biopreparatlar ishlab chiqish hamda zamonaviy seleksiya yoʻnalishlarida qoʻshma ilmiy izlanishlarni amalga oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tomonlar ushbu hamkorlik ilmiy salohiyatni birlashtirish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yosh olimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish, shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalarni Oʻzbekistonda keng joriy etish uchun mustahkam zamin yaratishini qayd etdilar.
Uchrashuvda qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov Zoom platformasi orqali ishtirok etib, ushbu hamkorlikning ilmiy va amaliy ahamiyatiga to'xtaldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, qoʻshma ilmiy loyihalarni izchil amalga oshirish hamda ikki mamlakat ilmiy muassasalari oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Tadbir yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube