O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida agrar ilm-fan va innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Azizbek Bahodirov hamda Xitoy Xalq Respublikasining Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayoni Bayannur shahri hokimi o‘rinbosari Chjan Zhuhun rahbarligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda agrar ilm-fan tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xitoy tomoni Bayannur shahri qishloq xo‘jaligi va chorvachilikka ixtisoslashgan yirik hududlardan biri ekanini ta’kidladi. Quruq iqlim sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish asosida zamonaviy agrar ishlab chiqarish tizimi shakllangani qayd etildi.
Ayniqsa, go‘shtdor qo‘ychilik hududning asosiy ixtisoslashuvlaridan biri ekani, Bayannurda qariyb 24 million bosh qo‘y boqilishi, qo‘y go‘shtini yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishida 40 ga yaqin korxona faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, hudud kungaboqar yetishtirish bo‘yicha ham Xitoydagi yirik hududlardan biri ekani qayd etildi.
Uchrashuvda chorvachilik va naslchilik, urug‘chilik va nav sinovi, qishloq xo‘jaligi texnikasi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, suvni tejash texnologiyalari hamda sho‘rlanishga qarshi kurashish yo‘nalishlarida ilmiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, Xitoyda ishlab chiqilgan ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, mexanizatsiya vositalari va zamonaviy uskunalarni O‘zbekiston sharoitida namoyish etish va sinovdan o‘tkazish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, yig‘ish hamda servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ilmiy-tadqiqot institutlari va olimlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, sohadagi amaliy muammolarga yechim topishga qaratilgan qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning Bayannur shahriga tashrifini tashkil etish, u yerdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, tajriba maydonlari va agrar ishlab chiqarish obyektlari faoliyati bilan tanishtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-tadqiqot va namoyish loyihalarini amalga oshirish, mutaxassislar va olimlar almashinuvini kuchaytirish, ilg‘or texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish hamda qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube