O‘zbekiston-Xitoy: paxtachilikdagi Shinjon tajribasi o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi ilmiy tashkilotlarning bir guruh olimlari Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon paxtachilik sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish bo‘yicha tajriba almashinmoqda.
Xitoy Qishloq xo‘jaligi akademiyasi qoshidagi Janubiy qishloq xo‘jaligi institutida bo‘lib o‘tayotgan "O‘rta Osiyo davlatlarida g‘o‘za yetishtirishni boshqarish" mavzusidagi seminarda o‘zbekistonlik olimlar xitoylik hamkasblari bilan birgalikda paxtachilik sohasidagi eng dolzarb masalalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Seminar davomida yangi g‘o‘za navlari, aqlli tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, urug‘chilik tizimi, o‘g‘itlardan samarali foydalanish, zararkunandalarga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligini robotlashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, iqtisodiy samarador bo‘lgan, resurs tejamkor (chopiq, yaganalash, kultivatsiyalash tadbirlaridan voz kechiladigan), gektaridan 70-80 sentner paxta hosili olish imkonini beruvchi yuqori samarali agrotexnologiyalar bilan tanishildi va ushbu texnologiyalarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Olingan bilim va ko‘nikmalar O‘zbekiston paxtachilik sohasida innovatsiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish va sifatli mahsulot yetishtirishga xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram