O‘zbekistonda aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam

Bugun poytaxtimizda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabu ishtirokida Malayziyaning “Meraque Group” kompaniyasi ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
ℹTa’kidlash joizki, “Meraque Group” kompaniyasi qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologik yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha Malayziyaning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Endilikda kompaniya O‘zbekistonda AGV turidagi aqlli texnikalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ushbu zamonaviy texnikalar dala ishlarini avtomatlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugungi kunda agrar tarmoqda raqamlashtirish, sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Vazirning qayd etishicha, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish va amaliyotga tatbiq etish nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi, balki hosildorlik va samaradorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, “Meraque Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyati qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalar transferini jadallashtirish va mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ilg‘or texnologik ishlanmalari hamda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan innovatsion yechimlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, AGV texnologiyalarining ekin maydonlarida qo‘llanilishi, resurslardan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni aniq va o‘z vaqtida amalga oshirishdagi afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram