O‘zbekistonda karbon kreditlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur kelishuv Shveytsariyaning Bizpando AG kompaniyasi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Respublika agroxizmatlar markazi (AKIS) hamda Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi (ICAC) o‘rtasida imzolandi.
Hamkorlik doirasida paxta yetishtiruvchi fermerlar ishtirokida karbon kreditlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, fermerlar biochar va kompost ishlab chiqarib, ularni dalalarda qo‘llash orqali atmosferaga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish va tuproq unumdorligini oshirishga hissa qo‘shadi.
Kelishuvga muvofiq, ushbu jarayon natijasida hosil bo‘ladigan karbon kamayishlari xalqaro standartlar asosida sertifikatlanib, jahon bozorida sotilishi mumkin. Loyihada Bizpando AG karbon kreditlarini shakllantirish va sotuv jarayonlarini boshqaradi, AKIS mamlakat darajasida muvofiqlashtirish va nazoratni ta’minlaydi, ICAC esa agrotexnologik va ilmiy ko‘mak ko‘rsatadi.
Eng muhimi, karbon kreditlari savdosidan tushgan daromadning asosiy qismi bevosita fermerlarga yo‘naltiriladi. Mazkur tashabbus qishloq xo‘jaligida zamonaviy ekologik yechimlarni joriy etish, “yashil iqtisodiyot” ni rivojlantirish hamda fermerlar daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube