O‘zbekiston–Eron: agrar sohada uzoq muddatli hamkorlik sari muhim qadam tashlandi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi doirasida ikki mamlakat ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud aloqalarni tizimli asosda rivojlantirish hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida uzoq muddatli dastur ishlab chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov eronlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidlab, ularni mamlakatimizda faoliyat yuritishi va yangi loyihalarni amalga oshirishi uchun vakolat doirasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida, Eron Islom Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri G‘ulomrizo Nuri bugungi biznes-forum ikki mamlakat vakillari uchun o‘zaro tajriba almashish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Eron Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida ishchi guruh yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi. Shuningdek, bir qator yo’nalishlarda hamkorlik bitimlari imzolandi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram