O‘zbekiston—Eron hamkorligi yangi yo'nalishlarda rivojlantiriladi

Avval xabar berilganimizdek, ayni kunlarda O‘zbekiston–Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi doirasida ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur forum doirasida Milliy markazi tizimidagi akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Eronning Yarus Agro kompaniyasi rahbari, bog‘dorchilik bo‘yicha eksperti Javad Hosseini o‘rtasida hamkorlik kelishuvgaerishildi.
Hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy tajriba almashish, zamonaviy bog‘dorchilik va ko‘chatchilik texnologiyalarini joriy etish, agro-konsalting xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, mevali bog‘lar va ko‘chatzorlarda yangi turdagi o‘g‘itlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ikki tomon qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, genetik materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tuproq va o‘simliklarning holatini laboratoriya tahlillari asosida baholash hamda zamonaviy diagnostika usullarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Soha mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida treninglar va mahorat darslarini tashkil etish, intensiv bog‘larda yuqori hosildorlikka erishish agrotexnologiyalarini o‘rganish, quritilgan mevalar ishlab chiqarishini rivojlantirish hamda pista ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Eron o‘rtasida bog‘dorchilik sohasidagi ilmiy, innovatsion va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube