Oʻzbekistonlik olimlar bugʻdoyning sariq zang kasalligiga chidamli genotiplarini aniqladi

Oʻzbekistonlik olimlarning bugʻdoyning sariq zang kasalligiga chidamliligini oʻrganishga bagʻishlangan ilmiy tadqiqoti oʻsimliklar seleksiyasi va biotexnologiyasi yoʻnalishidagi nufuzli “Plant Breeding and Biotechnology” xalqaro ilmiy jurnalida chop etildi. Mazkur jurnal Scopus xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasida indekslangan boʻlib, biotexnologiya va oʻsimlikshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha Q2 darajaga ega. Maqolada yumshoq bugʻdoy namunalarining sariq zang (Puccinia striiformis f. sp. tritici) kasalligiga chidamliligini DNK markerlari asosida aniqlash boʻyicha olib borilgan molekulyar-genetik tadqiqot natijalari yoritilgan.
Tadqiqot mualliflari safidan Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshligʻi Shermuhammad Samanov ham oʻrin olgan. Ilmiy izlanish Oʻzbekistonning bir qator ilmiy muassasalari olimlari hamkorligida amalga oshirilgan.
Tadqiqot davomida 68 ta bugʻdoy genotipi 42 ta yuqori polimorf DNK markerlari yordamida tahlil qilinib, sariq zang kasalligiga chidamlilik bilan bogʻliq muhim genetik markerlar aniqlangan. Xususan, Barc0187, Gwm340, Barc008 va Gwm111 markerlari kasallikka chidamlilik bilan ishonchli bogʻliqlikka ega ekani qayd etilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, aniqlangan markerlar kelgusida sariq zang kasalligiga chidamli bugʻdoy navlarini yaratish, seleksiya jarayonlarini jadallashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot natijalari markerlarga asoslangan seleksiya dasturlarini yanada takomillashtirish uchun mustahkam ilmiy asos yaratadi.
Maʼlumot uchun, sariq zang bugʻdoy hosildorligiga jiddiy zarar yetkazuvchi eng xavfli kasalliklardan biri hisoblanadi. Mazkur kasallikka chidamli navlarni yaratish boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar mintaqa oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.
Tadqiqotning toʻliq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://www.kci.go.kr/kciportal/ci/sereArticleSearch/ciSereArtiView.kci?sereArticleSearchBean.artiId=ART003336543
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube