Oziq-ovqat xavfsizligi: Agrar sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi

Bugun Toshkent davlat agrar universitetida “Mamlakatning barqaror rivojlanishida oziq-ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi vakillari hamda qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari ishtirok etgan mazkur tadbirda dastlab oziq-ovqat xavfsizligiga doir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yo‘nalishning global ahamiyati, xalqaro standartlarga mos zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va risklarni kamaytirish mexanizmlarining o‘rni alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi o‘rtasidagi farq hamda ularning dolzarbligiga bag‘ishlangan animatsion film namoyish etildi. Mazkur taqdimot ishtirokchilarda mavzuga oid aniq va to‘g‘ri tasavvur shakllanishiga xizmat qildi.
Shundan so‘ng soha mutasaddilari talaba va magistrantlarga yangi avlod o‘quv dasturlaridagi o‘zgarishlar, xalqaro standartlarning ta’lim jarayoniga integratsiyasi hamda amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish usullarining afzalliklari haqida ma’lumot berishdi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning dolzarbligi, ularning amaliy natijalari, meva va sabzavotni saqlashning ishonchli va standartlarga mos texnologiyalari, shuningdek bu tizimlarning iqtisodiy samaradorligi batafsil tushuntirildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram