Sayt sinov rejimida işlamoqda: materiallar va tarjimalar hali töldirilmoqda.
Şrift:
Rang:
Mahsulotlar
Sayt xaritasi Kiriş
Gerb

Paxta dalalarida qizg‘in palla: hosilning 3.4 million tonnasi yig‘ib olindi

Paxta dalalarida qizg‘in palla: hosilning 3.4 million tonnasi yig‘ib olindi
Paxta dalalarida mehnat sur’ati tobora jadallashmoqda. Fermerlar, mexanizatorlar va terimchilar uchun mas’uliyatli pallada har bir kun, har bir soatning qadri katta. Dalalarda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish, belgilangan shartnomaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish yo‘lida terim ishlari izchil davom etmoqda. 2026 yil 12-oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 3,4 million tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu joriy yil hosili uchun belgilangan 4,5 million tonnalik shartnomaviy ko‘rsatkichning 76 foiziga teng. Ayni paytda paxta dalalarida zamonaviy texnikalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bugungi kungacha 848 ming tonna paxta qo‘l terimi orqali yig‘ib olingan bo‘lsa, 2,6 million tonna hosil yuqori unumli paxta terish mashinalari yordamida yig‘ib olindi. Ya’ni, umumiy terim hajmining 75 foizi mexanizatsiyalashgan terim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qo‘l terimi orqali yig‘ilgan paxtaning 174 ming tonnasi paxta dalalarning chetlarini mexanizatsiyaga tayyorlash, ya’ni terim mashinalariga qayrilib olishi uchun sharoit yaratish  maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, fermerlar va agroklasterlarning  ishchilari tomonidan 674 ming tonna paxta  terim mashinalari kira olmaydigan  kichik konturlardan terib olingan (kelgusida bu konturlarni ham kengaytirish ko‘zda tutilgan). Bu ko‘rsatkichlar paxtachilikda zamonaviy texnika va mexanizatsiyaning ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Chunki hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish nafaqat fermerning iqtisodiy manfaatlari, balki yetishtirilgan mahsulotni sifatli saqlash va qayta ishlash jarayonlari uchun ham muhimdir. Terim mavsumida jami 3 mingga yaqin yuqori unumli paxta terish mashinasi ishga jalb etilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasi dalalarda faoliyat olib bormoqda. Shundan, joriy yil fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga lizing asosida 1 mingdan ziyod zamonaviy paxta terish mashinalari yetkazib berildi. Bu esa terim jarayonlarini mexanizatsiyalash, texnik imkoniyatlarni kengaytirish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olishga xizmat qilmoqda. Kunlik natijalar ham terim sur’ati yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.   Xususan, 12-oktyabr kuni paxta terish mashinalari yordamida 147 ming tonna paxta xomashyosi terib olindi. Bir kunda bitta paxta terish mashinasiga o‘rtacha 50 tonnadan hosil to‘g‘ri keldi. Ayni kunlarda dalalarda kechayotgan qizg‘in mehnat, zamonaviy texnikalarning uzluksiz harakati va terimni jadallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mavsumning muhim bosqichini tashkil etmoqda. Website Telegram Facebook YouTube Instagram

Manbani Telegramda oçiş

Xatoni ma’muriyatga yuboriş
Rahmat! Xabaringiz yuborildi.