"PAXTACHILIK ENSIKLOPEDIYASI" NASHRGA TAYYORLANDI

Paxtachilik – dehqonchilikning qadimiy tarmoqlaridan biri. O‘zbekiston hududida g‘o‘za 2,5 ming yildan beri yetishtiriladi. O‘zbekiston dehqonchiligi tarixida moʻjiza o‘simlik – g‘o‘za kabi juda teran, ilmiy va keng miqyosda o‘rganilgan, e’tibor topgan bironta boshqa ekinni topish amrimahol.
Shuning uchun ham O‘zbekiston paxtachilik fani va paxta yetishtirish madaniyati yuksalgan mamlakatga aylanganligi jahon miqyosida e’tirof etildi.
Respublikamizda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar natijasida hozirgi davrgacha qishloq xo‘jaligi sohasiga 40 foizgacha xalqaro yangi termin va atamalar kirib keldi. Bu yo‘nalishda to‘plangan boy ilm va amaliyotni qomusiy tartiblash muhim vazifa bo‘lib, soha mutaxassislari, ilmiy xodimlar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari, paxtachilik bilan qiziqqan barcha kitobxonlar uchun ishonchli manbaa sifatida o‘zbek tilida paxtachilik bo‘yicha ensiklopedik asar yaratish zaruriyati tug‘ildi.
Shuni inobatga olgan holda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutida Davlat tilida va lotin alifbosida “Paxtachilik ensiklopediyasi” nashrga tayyorlandi. Ushbu ensiklopediyaga paxtachilik fani va amaliyotiga oid 1000 ga yaqin maqola va tushunchalar kiritildi.
Mazkur ensiklopediyada g‘o‘za biologiyasi va biokimyosi, genetikasi, biotexnologiya, gen injeneriyasi uslublari, nav agrotexnikasi, tabiiy-iqlim sharoitlari, paxtachilikni mexanizatsiyalash va sug‘orma dehqonchilik, o‘simliklar kasalliklari va zararkunandalari hamda begona o‘tlarga qarshi kurash yo‘llari, usullari, hosilni biologik himoya qilish va pestisidlar haqida ma’lumotlar o‘z aksini topgan. Ensiklopediyada nav agrotexnikasi, tabiiy-iqlim sharoitlari, paxtachilikni mexanizatsiyalash, sug‘orma dehqonchilik mintaqasining o‘ziga xos xususiyatlari o‘z ifodasini topgan. Ensiklopediyada paxtaga dastlabki ishlov berish va paxta mahsulotlarini qayta ishlash, paxta tolasining xususiyatlariga oid ko‘pgina maqolalar joy olgan.
Ensiklopediyada mamlakat paxtachiligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan 90 nafarga yaqin yirik olimlar, novatorlar haqida biografik maqolalar ham o‘rin olgan.
Shuningdek, Osiyoda paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi davlatlarda paxta yetishtirish tajribasi ham o‘rganilib, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmanistonda paxtachilikning hozirgi holati, paxtachilik bilan bog‘liq ilmiy muassasalar haqidagi ma’lumotlar kiritildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube