Paxtachilik ilm-fanida yangi bosqich: natija va amaliy samaradorlik — bosh mezon

Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida institutning bugungi faoliyati, ilmiy salohiyati va paxtachilik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlarning amaliy natijadorligi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Institutning seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishidagi ishlari, yangi navlarni yaratish va sinovdan o‘tkazish, zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi talabdan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bog‘lash, yaratilayotgan nav va texnologiyalarning samaradorligini oshirish hamda institutning ilmiy salohiyatidan to‘liq foydalanish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Shu paytga qadar Respublika AKIS markazi rahbari lavozimida ishlab kelgan Akmal Tulanov Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori etib tayinlangani qayd etildi.
Institut jamoasi bilan muloqot davomida mavjud muammolar, taklif va tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Yakunda mas’ullarga faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy izlanishlarning amaliy qiymatini oshirish va paxtachilikda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram