Qashqadaryo: islohotlar natijasi va yangi imkoniyatlar

Ayni paytda, Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida boʻlib turibdi.
Joylarda agrar sohadagi islohotlarning ijrosini taʼminlash, mavjud muammolarni joyida oʻrganib, ularning yechimlarini ishlab chiqishni maqsad qilgan vazirning ilk tashrifi, Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasi hududi (Qarshi tumani)da joylashgan “Hosildor Zamin” zamonaviy koʻchatchilik taʼlim majmuasi boʻldi.
Ushbu majmua 4 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish tizimiga ega boʻlgan ochiq va 1 gektar maydonda oʻquv xonalari joylashgan yopiq koʻchatxonalar, “in-vitro” usulidagi issiqxona va oʻquv markazidan iborat boʻlib, bu yerda bir yilda bugungi kunda yoʻqolib borayotgan 200 ming dona mevali daraxt va 100 ming dona tok koʻchatlari, 200 ming dona mavsumiy gullar yetishtirish, iqlimga moslashtirish hamda yuzlab yoshlarga zamonaviy koʻchatchilik sir-asrorlarini oʻrgatish imkoniyati yaratilgan.
Vazir oʻz navbatida mazkur issiqxona imkoniyatlari bilan tanishar ekan, bugungi kunda agrar soha taraqqiyoti bu kabi zamonaviy majmualarda yetishtirilgan mahsulotlarga chambarchas bogʻliq ekanini taʼkidlar ekan, bugun boshqaruvni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ishni o‘lda-jo‘lda emas, balki aniq va tizimli tashkil etish, eng asosiysi, ishda unum bo‘lishi uchun qog‘ozbozlikni yig‘ishtirib, amaliy ishlarga o‘tish zarurligini alohida qayd etdi.
Maqsad esa bitta: Qashqadaryo yoshlari uchun oʻquv markazi formatida ekologik toza agrokoʻchatxona tashkil etish va bu orqali temir daftar, ayollar va yoshlar daftarida boʻlganlarni bandligini taʼminlash ham ularni daromadini oshirish.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram