Qashqadaryoda lalmi yerlarda no‘xat yetishtirish bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi

Joriy yilning 9–10 fevral kunlari Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida lalmi maydonlarda no‘xat yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llashga bag‘ishlangan o‘quv dala seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat rahbarlari, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, soha olimlari va mutaxassislar hamda Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi, Ko‘kdala, Dehqonobod va Qamashi tumanlaridan fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.
ℹSeminar davomida olimlar va xalqaro ekspertlar tomonidan qurg‘oqchil hududlarda no‘xat yetishtirish bo‘yicha xorijiy tajriba, yer tayyorlash, ekish muddatlari, parvarishlash va kasalliklarga qarshi kurash usullari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, “no-till” texnologiyasining an’anaviy ekish usuliga nisbatan afzalliklari haqida tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu usul qo‘llangan ayrim lalmi maydonlarda qurg‘oqchil yillarda ham g‘alla va no‘xatdan 12–15 sentnergacha hosil olingan. An’anaviy usulda ekilgan maydonlarda esa hosildorlik ancha past bo‘lgani qayd etildi.
Seminarda Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan qurg‘oqchilikka chidamli no‘xat navlari hamda intensiv agrotexnologiyalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida fermerlar tomonidan mazkur texnologiyaga qiziqish ortgani qayd etilib, uni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram