Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar malakasini oshirish – ustuvor yo‘nalish

Xabaringiz bor, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi xodimlar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Mazkur o‘quv kurslarida vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda tuman bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy talablar asosida yangilash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bugun ham ushbu o'quv kurslarining navbatdagi jarayonlariga start berildi. Dastur ochilishida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Ilm-fan, innovatsiyalar va ta’limni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i To‘xtamurod Atakulov kirish so‘zi bilan ishtirok etib, o‘quv dasturining mohiyati, uning asosiy yo‘nalishlari, kutilayotgan natijalar hamda sohada kadrlar salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va amaliy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, institut direktori Rustam Nizamov tinglovchilarni amaliyotga yo‘naltirilgan zamonaviy ishlanmalar bilan tanishtirib, Respublika agroxizmatlari markazida yo‘lga qo‘yilgan AirFarm texnologiyasi orqali qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlar, resurslardan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish imkoniyatlari, Vengriya kartoshkachilik laboratoriyasi faoliyati, unda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda yuqori hosildor, kasalliklarga chidamli navlarni yetishtirish bo‘yicha tajribalar haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur o‘quv kurslari davomida tinglovchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etib, ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va innovatsion yechimlarni o‘z faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlaydilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube