Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Janubiy Koreya hukumati tomonidan yuksak darajada e’tirof etildi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng o‘tgan davr mobaynida Janubiy Koreya biz uchun vaqt sinovida toblangan ishonchli do‘st va hamkorga aylandi. Ushbu mamlakat bugungi kunda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasidagi sheriklari safida to‘rtinchi o‘rinni egallab turgani ham shundan dalolatdir. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi, xususan, agrar soha ilmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan hamkorliklar ham o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Bugun Janubiy Koreya elchixonasi tomonidan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati uchun tashkil qilingan qabulda bu yana bir bor ta’kidlandi.
Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Von Do Yon ikki do‘st davlat xalqlari o‘rtasida odamiylik, do‘stlikni qadrlash va mehnatsevarlik kabi xislatlar mujassam ekanligini e’tirof etdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda agrar soha ilmini rivojlantirishdagi hamkorlik Janubiy Koreya hukumati tomonidan yuqori darajada e’tirof etilganligini alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonovga 2024-yil Janubiy Koreya bilan xalqaro rivojlanishdagi faxrli tashkilot sifatida Koreya Respublikasining Bosh vaziri yorlig‘ini tantanali ravishda topshirdi.
Ushbu yorliq shu kungacha Janubiy Koreya va O‘zbekistondagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi o‘rtasida KOPIA tashkiloti loyihalari orqali ikki mamlakatning agrar sohani xalqaro darajada rivojlantirishdagi sa’y-harakatlari uchun Janubiy Koreya hukumatining minnatdorchiligi va hurmatini ifoda etadi, – dedi elchi janoblari Von Do Yon.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov o‘z navbatida ushbu e’tirof va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirib, bu O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga daxldor bo‘lgan barcha insonlarga tegishli ekanligini ta’kidladi.
– Ma’lumki, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida ilmiy-innovatsion sohadagi hamkorlik aloqalari mustahkam do‘stlik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslangan bo‘lib, kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Hozirgi kunda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tomonidan Janubiy Koreyaning KOPIA tashkiloti, Koreya Qishloq jamiyatlari korporatsiyasi (KRC), Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (KIAT), Koreya Savdo-sanoat va energiya vazirligi, Koreya mashinasozlik sanoati assosiatsiyasi (KOAMI), Ilg‘or mexatronika texnologiya instituti (CAMTIC), Koreya oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilikda ta’limni rivojlantirish va axborot xizmati agentligi (EPIS), Koreya xorijiy infratuzilma va shaharlarni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND), Koreya qishloq xo‘jaligiga oid texnologiyalarni targ‘ib qilish agentligi (KOAT) va “Agro Solution Korea” kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Hozirgi kunda Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 25,1 mln dollarlik 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu ishlar nafaqat soha rivoji, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi –dedi o‘z so‘zida Shuhrat Otajonov.
Shundan so‘ng davra suhbati tashkil etilib, elchi janoblari Yon Do Von va Milliy markaz rahbari Shuhrat Otajonov istiqboldagi rejalar xususida fikrlashib, jarayondagi loyihalar ijrosini tez va sifatli bajarishni muhokama qildilar.
Qabul so‘ngida Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi janob Yon Do Von
“2024 yilning yakunida, shunday quvonchli daqiqalarda birga ekanligingiz uchun juda hursandman va kelajakda ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirib, butun jahon intilayotgan oziq-ovqat xavfsizligiga birgalikda katta hissa qo‘shamiz deb umid qilaman”-dedi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEBTelegram Instagram | Facebook |▶ Youtube