Qishloq xo‘jaligida ilmiy asoslangan yangicha yondashuvlarni qo‘llash va mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish natijaviy istiqbolni ta’minlaydi

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ayni vaqtda Toshkent viloyatida bo‘lib turgan vazir Ibrohim Abdurahmonov viloyatda joylashgan O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi.
Aytish mumkin, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jalik ekinlarining yirik dunyoviy kolleksiyalari saqlanayotgan yagona ilmiy tashkilot hisoblanadi. Institutda 2 ta ilmiy-tajriba stansiyasi, Milliy genbank, 8 ta bo‘lim va 1 laboratoriya mavjud.
Vazir tashrif avvalida institut atrofida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda turli xil ko‘rinishdagi o‘simliklarni yetishtirish, muassasa hududida amalga oshirilayotgan agro islohotlar institut maydonida aks etishi lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, muassasa hududida tashkil etilgan issiqxona va undagi yangi navlarni seleksiya qilish orqali yetishtirilayotgan ko‘chatlar holati o‘rganildi. Vazir issiqxonani ko‘zdan kechirar ekan, unda yetishtirilayotgan limonning F2 "yubileyni" naviga e’tibor qaratdi. Ahamiyatlisi, ushbu nav issiqxona sharoitida yil davomida 7 marotaba hosil bera oladi. Vazir bunday yondashuvni boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga ham targ‘ib qilish lozimligini aytib o‘tdi.
Vazir tashrif davomida Milliy genbank faoliyati bilan ham tanishdi. Unda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini o‘rgandi. Shu o‘rinda aytish lozim, hozirgi vaqtda genbankda 36 mingda urug‘ namunalari saqlanmoqda. Ochiq maydonlarda vegetativ yo‘li bilan ko‘paytirilayotgan urug‘lar ham qo‘shib hisoblanganda ularning adadi 43 mingdan ortiqligini ko‘rish mumkin. Vazir ushbu sa’y-harakatlarni munosib baholar ekan, olimlar tomonidan yillar davomidagi tadqiqotlar natijasida yetishtirilayotgan urug‘larni qishloq xo‘jaligida keng qo‘llash va uning samarali unib-o‘sishini nazorat qilish lozimligi aytib o‘tdi.
Qayd etish o‘rinliki, mazkur institut tomonidan genbankni ko‘chirish borasida ish qizg‘in kechmoqda. Bu borada yengi bino qurilishi ham boshlagan. Shu o‘rinda vazir bu jarayonda asosiy e’tiborni nimalarga qaratish lozimligini ta’kidlab, bu borada ilm-fan texnologiyalarni keng qo‘llash, mutaxassislar tayyorlash va saqlanayotgan urug‘lar tahlilini yanada kuchaytirish borasida o‘z tavsiyalarini berdi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram