Qishloq xo‘jaligida ilmiy faoliyat va kadrlar masalalari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Markaz tizimidagi barcha ilmiy muassasalar rahbarlari hamda Respublika Agroxizmatlar markazi vakillari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.
Yig‘ilishni Markaz direktori Shodmon Namozov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimiz agrar sohasining ilmiy yo‘nalishida bugun katta mas’uliyat mavjudligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi, resurs tejamkor navlarini yaratish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish soha olimlari oldidagi ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Shuningdek, u sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan bir qatorda, fermerlar va shaxsiy tomorqa egalarining ham bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish zarurligini alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida kadrlar masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori lavozimiga Rustam Nizomov tayinlanganligini ma’lum qilindi. Rustam Nizomov tayinlovga qadar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktorining maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Shuningdek, mazkur institut direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Bahodir Eshchanov Milliy markaz direktorining tegishli buyrug‘iga muvofiq Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktorining maslahatchisi lavozimiga tayinlangani e'lon qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan lavozimga tayinlanganlarning insoniy fazilatlari, ilmiy faoliyatdagi yutuqlari e’tirof etilib, ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube