Qozog‘istonlik olimlar bilan ilmiy muloqotlar

Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan barcha sohalar kabi agrar soha ilmini rivojlantirishda izchil hamkorlik qilinmoqda. Ikki davlat ilmiy muassasalari olimlari o‘zaro tajriba almashib, qo‘shma tadqiqotlar olib bormoqda va sohadagi ilg‘or yutuqlarni amaliyotga joriy etish borasida hamkorlikni mustahkamlab kelmoqda.
Bugun ayni maqsadda Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati delegatsiyasi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘ldi. U yerda mehmonlar institutda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va sohadagi amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, institut ilmiy xodimlari tomonidan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari seleksiyasi, urug‘chiligi, yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalari, o‘simliklarni himoya qilish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Delegatsiya a’zolarini qiziqtirgan qator masalalar yuzasidan institut laboratoriya mudirlari tomonidan atroflicha javoblar berildi, o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
Muzokaralar davomida tomonlar agrar ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashinuvini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Turkiston viloyati tashkilotlari hamda institut o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube