Quvada mobil agroxizmat ko‘rsatish markazi faoliyat boshladi

Farg‘ona viloyatida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida zamonaviy mobil agroxizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirildi.
Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu markaz faoliyati xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlarga asoslanadi.
Mobil agroxizmat markazi hududlarda agronomik maslahatlar berish, ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda tuproq va ekinlar holatini tahlil qilish, resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda raqamli yechimlarni qo‘llashga ko‘maklashish kabi xizmatlarni ko‘rsatadi.
Eng muhimi, xizmatlar fermer va dehqonlarga bevosita yaqinlashtiriladi. Ilmiy-tadqiqot institutlarida yaratilgan yangi ekin navlari, ilg‘or ishlanmalar va agrotexnik yechimlar amaliyotga, ya’ni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etiladi.
Ochilish marosimida Respublika agroxizmatlar markazi direktori Akmal To‘lanov so‘zga chiqib, mobil agroxizmatlar markazining imkoniyatlari, xizmat turlari va uning fermerlar uchun afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berdi. U bilim va innovatsiyalarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida Farg‘ona viloyati agroxizmatlar markazining tumanlardagi xodimlariga zamonaviy kompyuter jamlanmalari ham topshirildi. Bu hududlarda agroxizmat faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Tadbirda Respublika agroxizmatlar markazi, Farg‘ona viloyati hokimligi mas’ullari, viloyat agroxizmatlar markazi xodimlari, olimlar, mutaxassislar, fermerlar, shaxsiy tomorqa yer egalari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube