Rahbar va yoshlar uchrashuvi: ilmiy salohiyatni rivojlantirish sari

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti yosh olim hamda tadqiqotchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi bilan birga ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar alohida ta’kidlandi. Xususan, zamonaviy laboratoriyalar, innovatsion markazlar va texnoparklar yoshlarning g‘oya hamda loyihalarini amaliyotga joriy etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, grant dasturlari, startap tanlovlari, ilmiy konferensiyalar hamda xalqaro hamkorlik aloqalari yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishda muhim omil ekani bildirildi.
Uchrashuv davomida yosh olimlar tomonidan sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka seleksiyasi, urug‘chilik, noan’anaviy ekinlarni joriy etish hamda agrotexnologiyalarni takomillashtirish borasida olib borilayotgan tadqiqotlar taqdim etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda sohadagi muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinib, vazir o‘rinbosari tomonidan yosh tadqiqotchilarga amaliy tavsiyalar berildi.
Yakunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi yoshlarning tashabbus va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanini ta’kidlanib, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi bildirdi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram