Sabzavot va poliz ekinlari bo‘yicha o‘quv-amaliy dasturiga start berildi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda “Uzagrostar” holding kompaniyasi hamkorligida 20–26-aprel kunlari o‘tkaziladigan “Sabzavot va poliz ekinlarida zamonaviy agrotexnika va sifatli urug‘chilik tizimi” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminar-treningga start berildi.
Mazkur o‘quv dasturi doirasida ishtirokchilarga sohaga oid eng so‘nggi ilmiy yondashuvlar va ilg‘or amaliy tajribalar yetkaziladi. Jumladan, sabzavotchilikda intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llash, genetik jihatdan takomillashtirilgan poliz ekinlari navlarini tanlash va yetishtirish, yuqori hosildor kartoshka ishlab chiqarishning samarali usullari, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va boshqarish masalalari atroflicha yoritiladi. Shuningdek, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.
Seminar-trening dasturidan amaliy mashg‘ulotlar, tajriba almashish sessiyalari, dala sharoitida ko‘rgazmali namoyishlar hamda so‘nggi avlod issiqxonalariga tashriflar o‘rin olgan. Ishtirokchilar sohaning yetakchi mutaxassislari va xorijiy ekspertlar tomonidan olib boriladigan mashg‘ulotlarda bevosita qatnashib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur seminar-trening qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda sifatli urug‘chilik tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube