seminar

Sarsabl – noan’anaviy, noyob o‘simlik
⌛ So‘nggi yillarda ozuqa rasionimizdan noan’anaviy bo‘lgan mahsulotlar ham keng o‘rin olmoqda. Misol uchun brokolli, barg karam, kabi mahsulotlar bugun biz uchun yangilik emas. Shuningdek, olimlar tomonidan pasternak, sikoriy salati, artishok, mayoran, melissa, katovnik singari ekinlarning nav namunalarini o‘rganish, introduksiya qilish, seleksiya uchun boshlang‘ich manba ajratish va turli ekish muddatlari va sxemalarini meva hosiliga hamda urug‘ chiqimiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borilmoqda.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Abdulla Rahimov esa yana bir noan’anaviy o‘simlik – sarsabl ustida ilmiy izlanish olib bormoqda. U o‘zining 2-yillik izlanishlari davomida qo‘lga kiritgan natijalari xususida bugun Milliy markazda bo‘lib o‘tgan “Doktorantlar kuni”da taqdimot qildi.
Doktorantning ma’lum qilishicha, sarsabl ko‘p yillik bo‘lib, bir maydonda 20-yilgacha o‘stiriladi. Yetishtirish texnologiyasi va nav xususiyatiga qarab asosan yashil, oq va siyoh rangli novdalar olish mumkin. Ildizpoyalarining yoshi va vazniga qarab ekilgan yildan boshlab ikkinchi-uchinchi yildan yangi novdalar terib olinadi. Maksimal hosil 4-5-yildan boshlab olinadi. Bir maydonda ekilgan sarsabildan yetishtirish texnologiyasiga to‘g‘ri amal qilinganda 20-yilgacha yangi novdalar hosili terib olinadi. Bir mavsumda o‘simlikning yoshiga, yetishtirish texnologiyalariga hamda novdalarni o‘rim-yig‘im davri davomiyligiga qarab gektaridan 30 sentnerdan 60 sentnergacha va undan ortiq yangi novdalar hosili olinadi. Respublikamiz sharoitida yangi novdalarini mart oyidan terib, Rossiya va Yevropa davlatlariga eksport qilish mumkin.
Bu – o‘simlik to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar. Doktorant hali sarsabl yetishtirish texnologiyasini ilmiy asoslashi kerak. Taqdimot bilan tanishgan ekspertlarning ta’kidlashicha, hali qo‘lga kiritilgan natijalar, tahlillar yetarli emas. O‘tkazilayotgan tadqiqotning muvaffaqiyatli yakunlanishi har omilni chuqur tahlil qilishni talab qilishi ta’kidlandi. Seminar so‘nggida ustozlar tomonidan yosh olimga zarur tavsiya va takliflar berildi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook | Youtube