Seminar_trening

Umidsiz mamlakatdan zamonaviy sanoat mamlakatiga
Sarlavhani bejiz shunday nomlamadik. Boisi dunyo sahnidagi rivojlangan barcha mamlakatlar ta’bir joiz bo‘lsa taraqqiyot pillapoyalaridan bir-bir qadam bosib shohsupaga ko‘tarilgan. Bunda asos sifatida ilmga tayanilgan, albatta. Jumladan, Janubiy Koreya Respublikasi ham. 1960 yildan boshlab, mamlakat agrar sohasini ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan harakat keyinchalik barcha sohalarni harakatga keltiruvchi kuchga aylangan. Bunda “qiymat revolyutsiyasi”, “bilim revolyutsiyasi”, “sifat revolyutsiyasi”, “oq revolyutsiyasi” va “yashil revolyutsiyasi” kabi tamoyillar o‘ziga xos konsiepsiya vazifasini bajargan. Tizimli islohotlar natijasida 1977 yildan boshlab mamlakat o‘zining guruch mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qondira olgan. O‘tgan vaqt mobaynida esa mamlkat nafaqat qishloq xo‘jaligi balki sanoati rivojlangan, iqtisodi yuksalgan davlatga aylandi.
Ushbu ma’lumotlar bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida koreyalik olim Lee Dong Jin ishtirokida “Koreya qishloq xo‘jaligi tajribasi asosida sabzavot-poliz ekinlarini yetishtirish texnologiyasi” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-seminarida ta’kidlandi.
– Ilm ko‘zlangan natijaga erishishdagi eng muhim omil. Chunki biz bundan 50-60 yil oldin juda og‘ir ahvoldagi umidsiz davlat edik. Bugun esa zamonaviy sanoat mamlakatiga aylandik. Men bu fikrni o‘z taqdimotimda ham bayon qilganman. Biz bunga ilm orqali erishdik. Ilmiy yondoshuvlar asosida o‘tgan davr ichida import qiluvchi davlatdan nafaqat mahsulot balki bilimlarni ham eksport qiluvchi davlatga aylana oldik. Hozir ko‘plab davlatlarga sifatli urug‘lik materiallari, ko‘chatlar va boshqa mahsulotlar yetkazib beramiz. Sholi yetishtirish, resusrtejamkor navlarni yaratish borasida ham yetakchiga aylandik. Mana shunday seminarlarda hamkor davlatlarga o‘z tajribamizni bo‘lishish va yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Chunki agrar sohani rivojlantirish dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bashariyatning kun tartibidagi eng asosiy masalalaridan biri ham shu, – dedi o‘z taqdimotida koreyalik olim Dankuk universitetidagi Xalqaro qishloq xo'jaligi kooperatsiyasi tadqiqot instituti direktori, professor Lee Dong Jin.
Shuningdek, ma’ruzachi o‘z taqdimotida O‘zbekiston va Janubiy Koreya Respublikasi olimlarining hamkorligi kelajakda ijobiy natija berishi, buning uchun ikki davlat yosh olimlari muntazam tajriba almashishlari zarurligini ta’kidladi.
Seminar ishtirokchilari Janubiy Koreya Respublikasining agrar sohasi rivojalanishi tarixi to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Ushbu o‘quv-seminari Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Milliy markaz hududida “Meva-sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalar o‘quv markazi”ni tashkil etish loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook | Youtube