SEMINAR_TRENING

O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutida ikki haftalik malaka oshirish kursi boshlandi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutida (O‘GRITI) xalqaro ishtirokdagi ikki haftalik o‘quv kurslari o‘z ishini boshladi. Kurslar AQShning Oklaxoma universiteti professori, taniqli olim Ram Sharma tomonidan olib borilmoqda.
Mazkur malaka oshirish kurslari Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyiha doirasida tashkil etilgan. Treningning asosiy maqsadi – yosh olimlar va tadqiqotchilarni ilg‘or ilmiy yondashuvlar va zamonaviy seleksiya metodlari bilan tanishtirishdir.
Kursning ochilish marosimida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari, professor Sohibjon Islomov so‘zga chiqib, ushbu o‘quv kursi yosh olimlar uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishda va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, institut direktori Zafar Ziyoev o‘z nutqida ushbu o‘quv kurslari nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni ham mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Ayniqsa, genetik resurslarning biotik va abiotik stress omillariga chidamli navlarini yaratishda seleksiyaning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llash dolzarb masala ekanligi alohida qayd etildi.
Trening davomida ishtirokchilar genetik resurslarni saqlash va tahlil qilish, molekulyar markerlardan foydalanish, seleksiya jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar yordamida takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda chuqur bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lishadi.
Mazkur kurslar ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish, yosh olimlarni xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyorlash va qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etishga xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube