Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Tashabbuskor ilmiy loyihalar natijadorligi muhokamalar markazida

Tashabbuskor ilmiy loyihalar natijadorligi muhokamalar markazida
Bugun Milliy markazda qishloq xo‘jaligidagi dolzarb muammolarga ilmiy yechim topish, zamonaviy va iqtisodiy samarador ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan tashabbusli ilmiy loyihalar ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yevropa Ittifoqining "Qishloq xo‘jaligi uchun budjet ko‘magi" loyihasi doirasida moliyalashtirilayotgan 23 ta tashabbusli ilmiy loyiha bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Konferensiya davomida har bir loyiha bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarning bugungi holati, amalga oshirilgan ishlar va olingan dastlabki natijalar haqidagi taqdimotlar bilan atroflicha tanishildi. Taqdimotlar jarayoni qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javoblar va ilmiy muhokamalar bilan o‘tdi. Mutaxassislar tomonidan tadqiqotlarning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati, qo‘yilgan vazifalarning bajarilish darajasi, tadqiqotlarni olib borish usullari, olingan natijalarning ishonchliligi hamda ularni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Muhokamalar jarayonida ayrim loyihalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tadqiqotlarni ilmiy-metodik talablar asosida to‘g‘ri tashkil etish, tajribalarni belgilangan talablar asosida o‘tkazish hamda olinayotgan natijalarni chuqur tahlil qilish bo‘yicha loyiha rahbarlariga aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Ayniqsa, har bir tadqiqot yakunida shunchaki ilmiy hisobot yoki nazariy xulosa bilan cheklanib qolmasdan, qishloq xo‘jaligi amaliyotida qo‘llash mumkin bo‘lgan, yuqori iqtisodiy samara beradigan yangi texnologiya, usul, nav va innovatsion ishlanmalar yaratilishi zarurligi ta’kidlandi. Zero, ushbu loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad mavjud muammolarga ilmiy yechim topish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va qishloq xo‘jaligining ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan amaliy natijalarni yaratishdan iborat. Loyihalar qamrovi ham keng bo‘lib, ularda g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi, paxta yetishtirish texnologiyasi, mexanizatsiya, tuproq unumdorligi, suv va iqlim omillariga moslashuv, sholichilik, organik dehqonchilik, sabzavotchilik, bog‘dorchilik hamda o‘simliklarni himoya qilish kabi muhim yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda. Muhokamalar davomida alohida ta’kidlanganidek, mazkur loyihalarning natijasi hisobotlarda qolib ketmasligi, ularning yakuni mamlakat qishloq xo‘jaligi uchun yangi ilmiy kashfiyotlar, yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega innovatsion ishlanmalar va ishlab chiqarishga joriy etish mumkin bo‘lgan amaliy yechimlar bilan yakunlanishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, tadqiqotlarning keyingi bosqichlarini sifatli tashkil etish, belgilangan vazifalarni to‘liq va ilmiy asosda bajarish hamda kutilayotgan natijalarga erishish bo‘yicha loyiha rahbarlariga tegishli tavsiyalar berildi. Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring. WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.