tavsiya
#buqiziq
#bilasizmi
Salat bargi. Ekish muddati va usullari
O‘zbekistonda salat bargining 3-5 ta haqiqiy barg chiqargan, 20-25 kunlik ko‘chati asosiy joyga, ya’ni issiqxonalarga fevral va aprel oylarida ekib yetishtiriladi.
Issiqxonalarda esa u mart-iyun oylarida ekiladi. Yengil plyonkali qurilmalarda qish oldi va erta bahor davrlarida ekib o‘stiriladi. Issiqxonalarda 4-5 qatorli kichik egatlarga, egatlar orasini 15-20 sm, qatorda o‘simliklar orasini 10-15 sm qilib ekiladi.
Parvarishlash. O‘simliklarni parvarishlash sug‘orish, oziqlantirish, egatlar orasini yumshatish, begona o‘tlarni yulish va yagana qilishdan iborat. Salatni kamroq, ammo katta me’yorda sug‘orish kerak. Shundan so‘ng inshootni shamollatish zarur. Chunki me’yoridan oshiq namgarchilik o‘simliklarning zamburug‘ kasalliklari bilan zararlanishiga olib keladi. Tuproq namligi 70-80%, havo namligi – 60-70% bo‘lishi kerak. Sug‘orilgandan so‘ng, o‘simliklar bir-biriga tutashib ketmasdan egatlar orasi yumshatilishi zarur. O‘simlik azotli va kaliyli o‘g‘itlar bilan ikki marotaba oziqlantiriladi.
Bargli salatni yaganalashni o‘toq qilish bilan birga urug‘i ekilgandan 3-4 hafta o‘tgach, o‘simliklar orasini 6-8 sm qoldirib bajarish hamda yulib olingan o‘simliklarni iste’mol qilish mumkin. Salat o‘simligining har xil navlarini kichik hajmli gidroponika sharoitida ham o‘stirish mumkin. Bu usulda qisqa muddatda sifatli mahsulot olinadi. Ammo o‘ziga xos xarajatlarni talab etadi.