Tomorqachilik – kichik yerda katta imkoniyat

So‘nggi yillarda tomorqachilik qishloq xo‘jaligining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib, aholining daromadini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Kichik yer maydonlaridan unumli foydalanish orqali dehqonlar nafaqat o‘z ehtiyojlari uchun mahsulot yetishtirish, balki ortiqchasini sotib, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
⌛Tomorqachilikning jadal rivojlanishiga bir qator omillar turtki bo‘lmoqda. Birinchidan, davlat tomonidan aholiga tomorqadan samarali foydalanish uchun ko‘mak berilmoqda. Subsidiyalar va kreditlar shaxsiy tomorqa egalariga yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ikkinchidan, bozorlarda mahalliy yetishtirilgan meva-sabzavotlarga talab ortayotgani sababli dehqonlar uchun daromad manbalari kengaymoqda.
⏩2025-yil 14-fevralda qabul qilingan “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mazkur sohani yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal hujjat bo‘lishi kutilmoqda.
Shu maqsadda, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Respublikamiz tijorat banklari va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Unda farmon ijrosini ta’minlash, tomorqachilik imkoniyatlarini ilmiy asosda rivojlantirish va ilmiy loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abdulzuhurov oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda tomorqachilikning o‘rniga e’tibor qaratdi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov bu yo‘nalishdagi muammolarga to‘xtalib, sertifikatsiyalangan urug‘lik materiallar tanqisligi, zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarining tarqoqligi hamda agrotexnik tadbirlarning eski usulda amalga oshirilayotgani sababli ayrim joylarda kutilgan natijaga erishilmayotganini ta’kidladi.
Bu muammolarga yechim topish maqsadida o‘tgan yili ilmiy-tadqiqot institutlarimiz bilan aholi tomorqalarida “Xonadonbay” ilmiy loyihalarini amalga oshirdik. Olimlar va tomorqachilarning hamkorligi o‘zining ijobiy natijasini berdi. Yaratilgan yangi mahalliy navlar fermerlarga ma’qul keldi. Bu yil ushbu ishlar katta miqyosda amalga oshirilishi rejalashtirilgan, — dedi Shuhrat Otajonov.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube