Tuproq haqidagi ma’lumotlar endi raqamli makonda

Bugun poytaxtimizdagi “Frankfort” mehmonxonasida qishloq xo‘jaligi va yerdan foydalanish tizimida muhim ahamiyat kasb etuvchi loyiha — “AFACI mamlakatlarida agro-oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Milliy tuproq axborot tizimlari” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, xalqaro va milliy ekspertlar, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddilari hamda sohaga aloqador mutaxassislar ishtirok etdi.
“Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar bosqichma-bosqich namoyish etildi. Jumladan, tarixiy tuproq xaritalari va laboratoriya ma’lumotlarini raqamlashtirish, ularni yagona tizimga jamlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Eng muhimi, ishtirokchilarga loyiha doirasida ishlab chiqilgan Veb-portal va mobil ilovaning imkoniyatlari taqdim etildi.
Mazkur raqamli platformalar orqali tuproq haqidagi ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida izlash, tahlil qilish va ulardan foydalanish imkoniyati kengayadi. Bu esa kelgusida qishloq xo‘jaligida qarorlarni shunchaki taxmin yoki umumiy tavsiyalarga emas, balki aniq ma’lumot va tahlillarga asoslangan holda qabul qilish uchun muhim zamin yaratadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar loyiha natijalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Web-portal va mobil ilovaning imkoniyatlarini yanada takomillashtirish, tizimdan foydalanish samaradorligini oshirish hamda kelgusidagi ishlarni rivojlantirish bo‘yicha bir qator savol va takliflar ilgari surildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram