Urug‘chilik tizimi tubdan takomillashtiriladi

Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ularning ijrosi hamda urug‘chilik tizimini tubdan isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik markaziy apparati xodimlari va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tahlillar muhokama qilindi. Sohaga aloqador mas’ullar urug‘chilik tizimida amalga oshirilgan hamda rejadagi tizimli ishlar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdi.
Vazir I.Abdurahmonov, o‘z navbatida, klasterlar hamda xususiylashtiriladigan urug‘chilik korxonalarining kooperatsiyasi muhim ekanligini, asosiy maqsad urug‘chilikni rivojlantirishda davlat aralashuvini kamaytirish, bozor talabi hamda mexanizmlaridan kelib chiqqan holda ish tutish darkorligini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari yig‘ilishda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini transformatsiya qilish, bu orqali yangicha tizim va yondashuvni olib kirish kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Yakunda sohaga mas’ul xodimlarga urug‘chilik tizimini takomillashtirish borasida o‘z takliflarini ishlab chiqish hamda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarni kechiktirmasdan bajarish vazifasi yuklatildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram