Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Urugʻchilikda yangi bosqich: sifatni baholash tizimi tubdan yangilanmoqda

Urugʻchilikda yangi bosqich: sifatni baholash tizimi tubdan yangilanmoqda
Joriy yilning 7 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–109-sonli farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat orqali qishloq xoʻjaligi sohasida urugʻchilik tizimini ilmiy, ochiq va samarali yoʻnalishda rivojlantirishga qaratilgan bir qator tub islohotlar belgilab berildi. Urugʻliklarni baholash va sertifikatlash tizimi qayta shakllantiriladi Endilikda urugʻliklarning biologik, agronomik va fitosanitar sifati xalqaro standartlarga muvofiq baholanadi. Bu jarayon davlatdan mustaqil tashkilotlar va litsenziyalangan laboratoriyalar orqali amalga oshiriladi. Baholashda ISTA va OECD kabi xalqaro tashkilotlar standartlari asosiy mezon boʻlib xizmat qiladi. Har bir urugʻlik partiyasi raqamli nazoratga olinadi Urugʻliklarning har bir partiyasiga yagona identifikatsiya raqami biriktiriladi. Ularning sinov natijalari va sertifikatlari yagona elektron platformada saqlanadi. Bu esa soxta urugʻliklar muomalasiga barham berish, fermerlarga aniq ma’lumot taqdim etish va javobgarlikni oshirish imkonini yaratadi. Hududiy sinov punktlari va ilmiy markazlar faoliyati kuchaytiriladi Agroiqlimiy sharoitlarni inobatga olgan holda zonalashtirilgan urugʻlik sinovlari yoʻlga qoʻyiladi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va hududiy sinov punktlari oʻrtasida amaliy hamkorlik kengaytiriladi. Sertifikatlash amaliy hosildorlik koʻrsatkichlariga asoslanadi. Mutaxassislar tayyorlash tizimi zamonaviylashadi Urugʻchilik sohasidagi kadrlar malakasi zamonaviy oʻquv dasturlari va xalqaro tajriba asosida oshiriladi. Agrar universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va kasb-hunar ta’limi muassasalari oʻrtasida uzviy integratsiya ta’minlanadi. Sifatsiz urugʻliklarga qarshi qat’iy choralar koʻriladi Sertifikatsiz yoki sifatsiz urugʻliklarni ishlab chiqarish va sotish holatlariga nisbatan moliyaviy javobgarlik, ma’muriy choralar va zarurat tugʻilganda favqulodda tekshiruvlar belgilangan. Shu bilan birga, ishonchli va sifatli urugʻlik tarqatayotgan korxonalar davlat tomonidan ragʻbatlantiriladi. Eksport salohiyatiga ega urugʻchilik rivojlantiriladi Xorijiy talabga javob beruvchi navlarni yaratish, xalqaro sertifikatlash tizimi va logistika mexanizmlarini rivojlantirish choralari koʻriladi. Urugʻlik eksporti bilan shugʻullanadigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etiladi. Davlat nazorati va monitoring tizimi takomillashtiriladi Urugʻliklar sifati ustidan nazorat qilish va monitoringni yuritishda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari oʻzaro hamkorlikda ishlaydi. Har chorakda bajarilgan ishlar boʻyicha hisobotlar tayyorlanadi, samaradorlik koʻrsatkichlari baholanadi. Hulosa qilib aytganda, mazkur farmon orqali Oʻzbekistonda urugʻchilik sohasida sifat, shaffoflik va samaradorlikni ta’minlaydigan, xalqaro standartlarga mos zamonaviy tizim joriy etilmoqda. Bu esa sifatsiz urugʻliklarga barham berish, mahsuldorlikni oshirish, fermer va ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, eksport salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Urugʻchilik tizimining ilm-fan, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlik asosida tubdan yangilanishi uni agrar tarmoqning strategik boʻgʻiniga aylantiradi. Farmonning toʻliq matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://lex.uz/uz/docs/7616029 Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling! WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.