Xalqaro forum: Agrar sohada taraqqiyoti uchun muhim qadam

Ayni paytda Toshkent shahrida “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, BMTning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan 32 ta davlat, xalqaro moliya tashkilotlarining yuqori vakillari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etishmoqda.
ℹUshbu forumni tashkil etishdan asosiy maqsad, dunyodagi dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim o‘zgarishiga moslashish, logistika bilan bog‘liq muammolarni hal etishdan iborat.
Ma’lumki, dunyo bo‘yicha 32 ta rivojlanayotgan davlatlarda dengizga chiqish imkoni mavjud emas. Forum ushbu davlatlardagi yuqorida keltirilgan mavjud muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, FAO bosh direktori Suy Dunyuy, BMTning eng kam rivojlangan va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Oliy vakili Rabab Fatima, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voytsexovskiy so‘zga chiqdi.
Ochilish marosimidan so‘ng dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishning dolzarbligi va imkoniyatlari mavzusidagi yuqori darajadagi yalpi majlis boshlandi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, o‘tkazilayotgan forumning eng asosiy maqsadi mutaxassislar hamda ekspertlar o‘rtasida mavjud muammolarga takliflarni ishlab chiqishdan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
ℹShuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi mavjud muammolar hamda ularning yechimi borasida qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tmoqda.
Ta’kidlash lozim, ushbu forum O‘zbekistonni jahonning boshqa mintaqalari bilan bog‘lovchi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va tizimlarining hozirgi holati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan mintaqaviy va global darajadagi asosiy masalalarni hal etish va qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini savdosi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yangi shartnoma va kelishuvlarga erishishga imkon yaratdi.
Bu kabi yirik loyihalarni davomli va tizimli amalga oshirish, qo‘shni va uzoq mintaqadagi davlatlar bilan istiqbolli shartnomalarga ixtisoslashgan uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek qishloq xo‘jaligi yo‘nalishiga oid yangidan-yangi investitsion kelishuvlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish sohaning yanada taraqqiy etishida birlamchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram