Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida yana bir yirik loyiha bo‘yicha kelishuvga erishildi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati va Koreya Respublikasining ORVIC Co., Ltd kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yuqori samarali chorvachilikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida chorvachilik uchun ozuqabop ekinlar yetishtirish texnologiyalarini joriy etish, zamonaviy aralash ozuqa (omihta yem) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, sun’iy intellekt asosidagi agrotexnologiyalarni qo‘llash, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish, shuningdek, yuqori qiymatga ega marmar go‘sht yetishtirish va eksport salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladigan loyihaga 10 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning dastlabki bosqichida 1 million dollar miqdoridagi sinov ishlari amalga oshiriladi. Ushbu bosqichda ozuqa yetishtirish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish, intellektual monitoring tizimlarini joriy etish hamda mutaxassislar ishtirokida o‘quv-treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.
Koreyalik hamkorlarning ta’kidlashicha, ORVIC kompaniyasi ozuqa sanoati, agrotexnologiya va yuqori samarali chorva mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy yechimlar taklif qiladi. Ularning O‘zbekiston bilan hamkorlikni boshlashi mamlakatimiz agrar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va innovatsiyalarga bo‘lgan ishonchning yanada ortib borayotganidan dalolatdir.
Markaz ushbu hamkorlik orqali innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish, fermerlar imkoniyatlarini kengaytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati hamda raqobatbardoshligini oshirishni maqsad qilgan.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube