xalqaro_hamkorlik

O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida “Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki” loyihasi amalga oshirilmoqda
Bugun Milliy markazda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan Ahmad Yassaviy mahallasi hududida “Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki” maxsus sanoat zonasini tashkil etish yuzasidan navbatdagi ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda loyihaning bosh reja hujjatini ishlab chiqish maqsadida ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama fikr va takliflar almashildi. Ta’kidlash joizki, mazkur maxsus sanoat zonasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan birinchi innovatsion loyiha hisoblanadi.
“YANLIN” xalqaro qishloq xo‘jaligi kompaniyasi agrotexnoparkni faqatgina ko‘rgazma maydoni sifatida emas, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muntazam ishlab chiqarish va eksport qilishga qaratilgan zamonaviy sanoat majmuasi sifatida rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Ayni paytda Xitoyning moliyaviy jihatdan barqaror va sohada katta tajribaga ega kompaniyalarini loyihada ishtirokini taminlash ishlari boshlangan. Shu bilan birga, yetakchi kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikda moliyalashtirish dasturlari ustida ham ish olib borilmoqda.
Uchrashuv doirasida infratuzilma, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, zarur texnik jihozlar bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar almashildi. Ikki tomonlama kommunikatsiya tarmoqlarini tortish va muhandislik yechimlarini shakllantirishga doir amaliy kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, mazkur agrotexnopark ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube