Xalqaro_hamkorlik

TAGEM: Turkiya va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmidagi hamkorlikning yangi bosqichi
Bugun, Qishloq xoʻjaligida bilim va Innovatsiyalar Milliy Markazida Turkiyaning TAGEM (Turkiya Respublikasi Qishloq va Oʻrmon xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqotlari siyosati bosh boshqarmasi) tashkiloti vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
⌛ Uchrashuv avvalida Milliy Markaz rahbari Shuhrat Otajanov Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasida agroxizmatlar koʻrsatish va ilm-fan yutuqlarini fermer xoʻjaliklari hamda shaxsiy tomorqalarga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida mehmonlarga toʻliq maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish va muammolarni hal etishda innovatsion yondashuvlar muhim ahamiyatga ega.
Oʻz navbatida, TAGEM delegatsiyasi rahbari doktor Suat Kaymak tashkilotning maqsad va vazifalari, shuningdek, xalqaro hamkorlikda olib borilayotgan ishlarning eng muhim yoʻnalishlari haqida uchrashuv ishtirokchilariga maʼlumot berdi. TAGEM — Turkiyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi asosiy tadqiqot va rivojlantirish tashkiloti boʻlib, uning maqsadi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish va fermerlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat. Tashkilot qishloq xoʻjaligini zamonaviylashtirish va fermerlarning samaradorligini oshirish uchun turli loyihalarni amalga oshirmoqda.
TAGEM vakillari oʻzbekistonlik soha olimlari bilan oʻsimliklarni himoya qilish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Bu taklif ikki davlat oʻrtasida agrar soha va ilm-fan boʻyicha hamkorlikning yangi bosqichga olib chiqib, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga katta hissa qoʻshishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy-tadqiqot muassasalari orasida turli yoʻnalishlarda hamkorlik qilish, yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha fikr almashdi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube