Xitoy bilan agrar ilm-fan sohasidagi xalqaro hamkorlik kengaymoqda

Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Diyor Jo‘rayev ayni kunlarda xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Xizmat safari davomida agrar ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda innovatsion texnologiyalari bilan tanishishga qaratilgan bir qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Xitoyning yetakchi oliy ta'lim va ilmiy muassasalaridan biri — Shimoli-G‘arbiy Qishloq va O‘rmon Xo‘jaligi Universiteti (Northwest A&F University) O‘simliklarni himoya qilish fakulteti dekani, professor Jun Godan bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ipak yo‘li Qishloq xo‘jaligi ta'limi va ilmiy tadqiqotlar innovatsiya alyansi (SAERIA) doirasida tashkil etilayotgan "Xitoy – Markaziy Osiyo O‘simliklarni himoya qilish innovatsiya alyansi" faoliyatida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining ta'sischi a'zo sifatida ishtirok etishi masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, 2026-yilda Xitoyning Shaanxi provinsiyasi Yangling shahrida bo‘lib o‘tadigan SAERIAning 11-yillik anjumani doirasida "O‘simliklarni himoya qilishda innovatsiyalar va qishloq xo‘jaligining yuqori sifatli rivojlanishi" mavzusidagi xalqaro sessiyada institut mutaxassislarining ilmiy ma'ruzalar bilan qatnashishi yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur xalqaro anjuman doirasida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Diyor Jo‘rayev ham "O‘zbekiston janubida qishloq xo‘jaligi ekinlarining seleksiyasi, agrotexnologiyalari va o‘simliklarni himoya qilish" mavzusida ma'ruza qilib, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va erishilgan natijalarni xalqaro ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdim etdi.
Muloqot davomida o‘simliklarni himoya qilish sohasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, olimlar va yosh tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube