Xitoyning Shinjon Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi delegatsiyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shodmon Namozov hamda Xitoyning Shinjon Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi Ilmiy natijalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlg’i o‘rinbosari Fan Guoquan boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Milliy markaz va Shinjon Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi o‘rtasida avval imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda Shodmon Namozov mehmonlarga mamlakat qishloq xo‘jaligi ilm-fanida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etilayotgani, ayni paytda ushbu jarayon bilan bog‘liq tashkiliy ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yangi tashkil etilayotgan Akademiya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni tijoratlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Shinjon Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi Ilmiy natijalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig’i o‘rinbosari Fan Guoquan Xitoy qishloq xo‘jaligi ilm-fanida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirish borasidagi tajribalar haqida so‘z yuritdi. U O‘zbekistonlik hamkasblar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuqori baholab, kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, mutaxassislar almashinuvi hamda innovatsion texnologiyalar transferi yo‘nalishlarida aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar seleksiya va urug‘chilik, zamonaviy agrotexnologiyalar, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda O‘zbekiston–Vengriya kartoshkachilik markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube