Xotira va qadrlash — xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan biri

9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov taniqli olim, biologiya fanlari doktori, professor Said-Akbar Rahmonqulov xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar oldi.
Tashrif davomida vazir ustoz olimni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangani munosabati bilan samimiy tabriklab, ushbu yuksak mukofot uning ko‘p yillik fidokorona ilmiy mehnati, paxtachilik seleksiyasi va urug‘chilik sohasidagi ulkan xizmatlarining munosib e’tirofi ekanini ta’kidladi.
Professor Rahmonqulovning qariyb 70 yillik ilmiy faoliyati davomida 400 dan ortiq ilmiy ishlar yaratgani, ko‘plab shogirdlar tayyorlagani, shuningdek, yuqori hosildor g‘o‘za navlarini yaratish va amaliyotga joriy etishda katta natijalarga erishgani alohida qayd etildi.
U yaratgan ilmiy maktab bugungi kunda ham paxtachilik seleksiyasi, urug‘chilik va agrotexnologiyalarni rivojlantirishda muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Shundan so‘ng vazir texnika fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi Fanlari Akademiyasi akademigi Oqil Salimovni ham holidan xabar oldi.
Suhbat davomida professor Oqil Salimovning qishloq xo‘jaligini texnik modernizatsiya qilish, sohaga innovatsion ishlanmalarni joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash borasidagi ko‘p yillik xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, ustoz olimning samarali ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ko‘plab mutaxassis va ilmiy kadrlar yetishib chiqqani qayd etildi.
Tashriflar yakunida vazir ustoz olimlarga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, ilmiy faoliyatlarida yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tilab, ularga bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromini bildirdi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram