Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Yerdan unum, ilmdan natija: agrar sohada erishilgan natijalar va kelgusi rejalar muhokama qilindi

Yerdan unum, ilmdan natija: agrar sohada erishilgan natijalar va kelgusi rejalar muhokama qilindi
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish agrar sohaning kelajagiga oid dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi. Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan majlisda vazirlik rahbariyati, tegishli departament va boshqarmalar boshliqlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, hududiy tajriba stansiyalari rahbarlari hamda agrar yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishni boshqargan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochiq muloqot ruhida fikr yuritdi. U ilmiy tajriba stansiyalaridagi yer maydonlaridan samarali foydalanilmayotganiga alohida e’tibor qaratib, buning agrar tarmoq rivojiga salbiy ta’siri haqida to‘xtaldi. Shuningdek, ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar uchun munosib sharoit yaratish borasidagi ishlar hali kutilgan natijani bermayotgani, buning oqibatida ilm bilan amaliyot o‘rtasida uzilish yuzaga kelayotgani ta’kidlandi. ℹIbrohim Abdurahmonov shunday dedi: “Mamlakat aholisi deyarli 40 million nafarga yaqinlashmoqda, demak oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borgan sari murakkabroq vazifaga aylanmoqda. Bu esa ilm-fan va innovatsiyalarni agrar tarmoqqa joriy etishni endi istak emas, zarurat darajasiga ko‘tarmoqda. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat agrar tarmog‘iga ilm va innovatsiyalarni joriy etishga mas’ul bo‘lgan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi o‘z mas’uliyatini hali teran anglab yetmayapti.” Ta’kidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi ilmiy yutuqlar qanchalik muhim bo‘lmasin, ular amaliyotga tatbiq etilib, dalada qo‘llanilmaguncha o‘zining haqiqiy qiymatini namoyon eta olmaydi. Yig‘ilishda belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri — institutlar qoshidagi laboratoriyalar salohiyatidan to‘liq foydalanish masalasi bo‘ldi. Qayd etilishicha, bugungi kunda ko‘plab laboratoriyalar imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayapti. Shu bois ularni amaliy ilmiy tadqiqotlar uchun ochiq platformaga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, olim va tadqiqotchilarning xorijiy grantlar bilan ishlashi uchun qulay sharoit yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu esa mahalliy ilm-fanni xalqaro tajriba va moliyaviy resurslar bilan integratsiya qilish imkonini beradi. Yig‘ilishning eng muhim jihatlaridan biri vazirning ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlariga murojaati bo‘ldi. Ibrohim Abdurahmonov shunday ta’kidladi: “Har bir institut rahbari avvalo o‘ziga-o‘zi savol berishi kerak — biz shu yurt, shu xalq uchun nima qildik? Aynan shu savolga halol javob berish, kelgusi ish rejalarini shu asosda qurish lozim.” Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni puxta amalga oshirish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kechiktirmasdan bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Yig‘ilish yakunida vazirlikning Qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarni jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish departamenti boshlig‘i Jamoliddin Babaxanovga jamoatchilik asosida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi direktori vazifasini bajarish yuklatildi. Website Telegram Facebook YouTube Instagram

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.