Yil ilmda qanday natija bilan yakunlanadi?

⏩Bugun Milliy markaz jamoasining ish kuni yangi haftada bajarish lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni rejalashtirish va berilgan topshiriqlar ijrosini tahlil qilish bilan boshlandi.
Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov mas’ullar e’tiborini dastlab ilmiy-tajriba stansiyalarining yer maydonlaridan samarali foydalanish, yetishtirilgan mahsulotni qonunchilikka muvofiq hujjatlarda kirim qilish, omborlarda saqlash holatini o‘rganish va tahlil qilishga qaratdi. Bu borada yil so‘nggida so‘rov qattiq bo‘lishini ta’kidladi.
– Chunki har qarich yer davlat va umumxalq mulki sanaladi. Umumxalq mulkidan samarali foydalanish va natijadorlikni ta’minlashda davlat oldida nafaqat ilmiy-tajriba stansiyalari rahbarlari, balki Milliy markaz mas’ullari ham birdek javobgar, – deya qat’iy ta’kidladi Sh. Otajonov.
Shuningdek, yig‘ilishda Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy faoliyati, natijadorligi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
– Vaqt yugurik. Yil boshida oldimizga katta maqsadlarni qo‘ygandik, ilmiy muassasalar rahbarlari Milliy markazda o‘zlari bajarmoqchi bo‘lgan ilmiy loyihalar yuzasidan taqdimotlar qilishgan edi. Bugun esa g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt yetib keldi. Xo‘sh, qaysi ilmiy muassasamiz jamiyatga naf keltiradigan qanday ilmiy ishlanma yaratdi? Bu savol jamiyatning har bir a’zosini qiziqtiradi. Shu bois, ilmiy muassasalarimiz rahbarlari ushbu savollarga javob berish uchun tayyorgarlik ko‘rishlari kerak. Kelgusi oydan Milliy markazda natijalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkaziladi, – dedi Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yana bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ilmiy-tadqiqot institutlaridagi muammolarni tizimli hal qilish, bu borada Milliy markaz mas’ullari o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondoshishi lozimligi qayd etildi.
Yana bir gap. Endilikda ilmiy muassasalarning xorijda tajriba orttirib kelgan ilmiy xodimlari va doktorantlari Milliy markazda o‘rgangan blim va ko‘nikmalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazishadi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube