Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Yosh akademik” shunchaki unvon emas, u yangi avlod olimlarini shakllantiradi

Yosh akademik” shunchaki unvon emas, u yangi avlod olimlarini shakllantiradi
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar ishtirokida Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Muzrob Bo‘ronov bilan erkin muloqot ruhidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Rasmiy yig‘ilishdan ko‘ra ochiq muloqotni eslatgan uchrashuvda yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni erkin o‘rtaga tashladilar. Suhbat esa faqat agrar ilm-fan yoki ilmiy tadqiqotlar haqida emas, balki olimning dunyoqarashi, intellektual salohiyati, kitobxonlik madaniyati, liderlik va katta maqsad bilan yashashi haqida kechdi. Muzrob Bo‘ronov mamlakatimizda agrar ilm-fanni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlarga to‘xtalib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PF–40-sonli “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratdi. Farmonda nazarda tutilgan “Yosh akademik” instituti ana shu islohotlarning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri ekani ta’kidlandi. “Farmonga ‘Yosh akademik’ degan tushuncha bejiz kiritilmagan. Bu shunchaki unvon emas. Akademiya deganda faqat akademiklar emas, balki yangi navlar, yangi texnologiyalar va innovatsion yechimlar yaratadigan olimlar bo‘lishi kerak. Biz ustozlar tajribasini o‘rganamiz, ammo bugungi zamon yangi bilim va yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.” Davra suhbati davomida zamonaviy olimning eng katta boyligi nima, degan savolga ham javob izlandi. Maslahatchi bu borada moddiy imkoniyatlardan ham muhimroq omil — intellekt ekanini ta’kidladi. “Bizning asosiy vazifamiz — intellektni rivojlantirish. Ilm-fanning chegarasi yo‘q. U izlanish, innovatsiya va yangilik bilan yashaydi. Agar olim har kuni o‘z ustida ishlamasa, u ilmda ham oldinga yurolmaydi.” Mutolaa madaniyati haqidagi fikrlar esa uchrashuvning eng ta’sirli qismiga aylandi. Muzrob Bo‘ronov buyuk allomalar Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini eslab, ularning buyukligi uzluksiz izlanish va kitob bilan yashagan hayot tarzi samarasi ekanini ta’kidladi. “Insonni shakllantiradigan eng muhim omil — kitob o‘qishdir. Internet va ijtimoiy tarmoqlar mutolaaning o‘rnini bosa olmaydi. Kitob insonning tafakkurini, tahlil qilish qobiliyatini va intellektual salohiyatini rivojlantiradi.” Uchrashuv davomida yosh olimlar o‘z ilmiy izlanishlari, innovatsion loyihalari, startap tashabbuslari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga oid takliflarini bildirdilar. Davra suhbati yakunida bir fikr yana bir bor yangradi: mamlakat taraqqiyotining eng katta boyligi zamonaviy laboratoriyalar yoki texnologiyalar emas, balki o‘qiydigan, fikrlaydigan, tashabbus ko‘rsatadigan va Vatan kelajagi uchun mas’uliyatni his qiladigan yosh olimlardir. Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring. WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.