Yosh olimlar bilan muloqot

Qishloq xo‘jaligi vazirining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurib, institut yosh olimlari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida yosh tadqiqotchilar tomonidan institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar taqdim etildi. Xususan, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari seleksiyasi, urug‘chilik tizimini takomillashtirish, noan’anaviy ekin turlarini introduksiya qilish, shuningdek, yuqori hosildor va sifatli mahsulot yetishtirishga qaratilgan zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Nuriddin Qo‘shnazarov institutda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishar ekan, ilm-fan rivojida yoshlarning o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi. U yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda tijoratlashtirish, xalqaro ilmiy loyihalar va grantlarni keng jalb qilish masalalari yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, u Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yoshlarning ilmiy tashabbuslari va innovatsion g‘oyalari doimo qo‘llab-quvvatlanishini, bu borada zarur amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarini bildirdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube