Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Yosh olimlarga natijaga erishish uchun to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi

Yosh olimlarga natijaga erishish uchun to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida “Doktorantlar kuni” doirasida navbatdagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Milliy markaz direktori o'rinbosari Sohibjon Islomov kirish so'zi bilan ochib, tadbirdan ko‘zlangan maqsad — doktorantlarning ilmiy izlanish natijalarini namoyish etish, tajriba almashish va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida o‘zaro muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iboratligini ta’kidladi. Seminarda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tahsil olayotgan doktorantlar ishtirok etib, o‘z ilmiy ishlari, olib borayotgan izlanishlari va kelgusidagi rejalariga oid atroflicha ma’lumot berishdi. Dastlab Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Mashxura Turopova “Hosildorligi yuqori bo‘lgan ertapishar uzun guruchli boshlang‘ich manbalarni tanlash va seleksiyada qo‘llash” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti natijalarini taqdim etdi. Uning ta’kidlashicha, sholining uzun guruchli va ertapishar navlariga talab ortib borayotgan bugungi sharoitda, tashqi muhitning noqulay omillariga, kasallik va zararkunandalarga chidamli, yuqori hosilli yangi navlarni yaratish muhim ahamiyatga ega. Tadqiqot doirasida jahon kolleksiyasi namunalari o‘rganilib, seleksiya uchun qimmatli ota-ona shakllari saralandi va duragaylash ishlari amalga oshirildi. Don-dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Jasurbek Husanov esa “Makkajo‘xori duragaylarini issiqqa, qurg’oqchilikka bardoshliligini oshirishda agrotexnologiya elementlarini takomillashtirish” mavzusidagi tadqiqoti bilan ishtirok etdi. U o‘zining ilmiy ishi dolzarbligini so‘nggi yillarda yurtimizda kuzatilayotgan yuqori harorat va suv tanqisligi sababli, ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlarining rivojlanishi va hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bilan izohladi. Jasurbek Husanov o‘z tajribasini Toshkent viloyatidagi 1 gektarlik ilmiy-tajriba maydonida amalga oshirib, “O‘zbekiston 300 MV” va “Kelajak 100” duragaylarining agroteknik omillarga javob reaksiyasini tahlil qildi. Seminar davomida har ikki taqdimot muhokamaga qo‘yildi. Ekspertlar tomonidan ilmiy asoslangan tanqidiy mulohazalar bildirildi va amaliy tavsiyalar berildi. Jumladan, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, professor Ikrom Qoraboyevning ta’kidlashicha, Mashhura Turopovaning mavzu nomi “ertapishar” degan tushunchani o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, tadqiqotda bu xususiyatga oid biologik ko‘rsatkichlar yetarli darajada yoritilmagan. U “ertapisharlik” mezonlarini aniqlashtirish va ularni ilmiy asosda tasdiqlash zarurligini qayd etdi. Milliy markaz bo‘lim boshliqlaridan yana biri G‘afur Paripiyev esa taqdimotda tadqiqot maqsadi bilan yangiligi o‘rtasidagi bog‘liqlik yetarlicha ochib berilmaganini ta’kidlab, bu kamchilik tadqiqotning umumiy mantiqiy tartibiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i O'lmasboy Sobitov esa mavzuda aniq maqsad belgilangan bo‘lsa-da, doktorant ayrim hollarda qo‘shimcha yo‘nalishlarga ham urg‘u berganini va bu holat tadqiqotni kengaytirib yuborib, asosiy masaladan chetlashishga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Doktorant Jasurbek Husanovning taqdimoti ham ekspertlar tomonidan tahlil qilinib, tadqiqotdagi ba’zi metodik kamchiliklar va faktlar qayd etildi. Doktorantga natijalarni yanada asoslangan holda taqdim etish va tadqiqot metodologiyasini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida Milliy markaz direktori o‘rinbosari Sohibjon Islomov “Doktorantlar kuni” doirasidagi bunday tanqidiy muhokamalar doktorantlarga o‘z ilmiy ishlarini takomillashtirish, yo‘nalishini aniqlash va kelgusidagi himoyaga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etishi, shu bilan birga, Milliy markaz rahbariyatining bosh maqsadi – tizimdagi har bir ilmiy izlanuvchini davlat va xalq manfaatiga xizmat qiladigan, amaliy samara beradigan ilmiy ishlanmalar yaratishiga ko‘maklashishdir, deya ta’kidladi. Yangiliklardan xabardor bo‘lib, agrotexnologiyadagi so‘nggi yutuqlarni biz bilan kuzatib boring! WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.