Yuqori hosil sari: paxta va g‘allachilikda ustuvor vazifalar belgilandi

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida videokonferensaloqa shaklida respublika seminari o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, tuman hokimlari, fermer xo‘jaliklari, klasterlar, soha mutaxassislari hamda olimlar ishtirok etdi.
ℹSeminar davomida paxta yetishtirish mavsumining eng mas’uliyatli bosqichi boshlanganligi qayd etilib, kuzda olinadigan hosilning miqdori va sifati aynan bugungi agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi. Shu bois mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish, dala ishlarini ilmiy yondashuv asosida tashkil etish hamda har bir hududda qat’iy nazoratni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Vazir o‘z so‘zida har bir kun va har bir agrotexnik tadbir hosil taqdirini belgilashini qayd etdi. G‘o‘zalarni avgust oyiga qadar belgilangan me’yor darajasiga yetkazish, shundan so‘ng hosilning bir maromda pishib yetilishini ta’minlash maqsadida Etefon qarish gormonini ilmiy tavsiyalar asosida qo‘llash, sug‘orish, oziqlantirish, kultivatsiya va zararkunandalarga qarshi kurash ishlarini belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Seminarda g‘allachilik bo‘yicha ham ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Xususan, 2027-yil hosili uchun g‘alla ekish mavsumiga bugundan puxta tayyorgarlik ko‘rish, urug‘lik donni saralash, yarovizatsiya jarayonlarini o‘z vaqtida tashkil etish va urug‘likni sovutkichli omborlarga joylashtirish bo‘yicha barcha zarur choralarni kechiktirmasdan amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi zamonaviy dehqonchilik ilm-fan, innovatsiya va ilg‘or agrotexnologiyalar bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois har bir fermer, agronom va soha mutaxassisi yangi bilim va tajribalarni muntazam o‘zlashtirib, ularni amaliyotga samarali tatbiq etishi zarur.
Seminar yakunida hududlar kesimida belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazorat qilish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hamda yuqori va sifatli paxta hamda g‘alla hosilini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Qayd etilganidek, bugun dalada qabul qilinayotgan har bir to‘g‘ri qaror va o‘z vaqtida bajarilgan har bir agrotexnik tadbir ertangi mo‘l hosilning mustahkam poydevorini yaratadi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram